AsosiyJamiyat

O‘zbekistonga yashirin yo‘l orqali olib o‘tilgan 5,3 milliard so‘mlik noqonuniy dorilar fosh etildi

Mazkur dorilar Rossiya va Qozog‘istondan olib kirilgan.

'O‘zbekistonga yashirin yo‘l orqali olib o‘tilgan 5,3 milliard so‘mlik noqonuniy dorilar fosh etildi'ning rasmi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Qozog‘istondan mamlakatga ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar nomiga yuborilgan yuklar ikki dona “GAZ” rusumli yuk mashinasida Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara-boshqona postiga “qizil yo‘lak” orqali kirib kelgan. Ularga bojxona nazorati ostida to‘liq tekshiruv o‘tkazilishi lozim bo‘lgan.

Ammo xizmat vazifasini to‘liq bajarmagan bojxona inspektori mashinalarni yo‘lda nazoratsiz qoldirib, ularning boshqa manzilga harakatlanishiga sharoit yaratgan.

Dori vositalari yashirincha uybop joyga tushirilgan

Bunday holatdan foydalangan haydovchilar yo‘nalishni o‘zgartirib, Yuqori Chirchiq tumanidagi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoniga borib, yuklarni aynan shu yerda tushirib ketgan. Ular dorilarni mashina bojxona muhri buzilmagan holda uyga olib tushgan.

52 mingdan ortiq dorilar orasida “Aktovegin” va “Kleksan” ham bor

Yashirincha olib kirilgan dori vositalari kitob, kiyim-kechak va aksessuarlar orasiga yashirilgan bo‘lib, jami 214 nomdagi, 52 459 dona dorilarni tashkil etgan. Ular orasida “Aktovegin”, “Kleksan”, “Remaksol” kabi muhim preparatlar mavjud. Ushbu dorilarning umumiy qiymati 5 milliard 353 million so‘mga teng.

Qozog‘iston fuqarosi 2000 dollar taklif qilgan

Tergovga qadar aniqlangan holatlarga ko‘ra, hozirda shaxsi aniqlanayotgan Qozog‘iston fuqarosi ushbu dorilarni chegaradan o‘tkazib berish evaziga haydovchilarga 2000 AQSh dollari va’da qilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, bojxona xodimining harakati ham tekshirilmoqda

Hozirda yuk mashinalari haydovchilari hamda dorilarni qabul qilgan fuqaro ustidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi (kontrabanda) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, bojxona inspektorining xizmat vazifasini bajarmasligi natijasida sodir bo‘lgan ushbu holat yuzasidan ham tergov doirasida alohida huquqiy baho berilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar