Toshkentda yo‘l qatnov qismida poyga uyushtirib, fuqarolarning hayotini xavfga qo‘ygan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan ikki yigit jazolandı. Bu haqda YXHB axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev xabar berdi.
27 mart kuni soat 03:40 larda poytaxtning Olmazor tumani ko‘chalaridan birida Lasetty va Onix avtomashinalarida poyga uyushtirilayotgani, harakat qoidalari bilan birga jamoat tartibi buzilayotgani yuzasidan xabar kelib tushgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mazkur ko‘chalardagi kamera yozuvlari, voqea guvohlarining ko‘rsatmalari asosida o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida huquqbuzarlar 27 yoshli Ramz Islomov hamda 21 yoshli Azimjon Abdusattorov ekani aniqlandi.
Shu kunning o‘zida avtomashinalar jarima maydoniga qo‘yilib, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun tayyorlangan hujjatlar sud organlariga taqdim etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining qarori bilan qonunbuzarlarning har biriga nisbatan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
“Mashinani qattiq, baland ovozda haydaganim uchun uzr so‘rayman. Kimning tinchligini buzgan bo‘lsam ham, uzr so‘rayman. Bu holat boshqa takrorlanmaydi”, degan Lasetty haydovchisi. Onix haydovchi ham mashinani qaltis qo‘zgatib, tezlikni oshirgani uchun pushaymon ekanini bildirgan.
YXHB vakili yuqoridagi shaxslarning qonunbuzarliklaridan jabrlangan fuqarolardan IIOga murojaat qilishlarini so‘radi.






