Prezident yordamchisi Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ikki davlat vakili uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining muhim yo‘nalishi bo‘lgan madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirish va jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, ta’lim va madaniyat sohalaridagi loyihalarga alohida e’tibor qaratilgan. Rossiya oliy ta’lim muassasalarining yangi filiallarini ochishga ko‘maklashish, yoshlar uchun qo‘shma dasturlar, shuningdek, madaniyat sohasidagi tashabbuslar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
“Faxriylar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga alohida to‘xtalindi. Madaniy muloqot va gumanitar almashinuv ikki tomonlama munosabatlarning muhim asosi bo‘lib qolayotgani to‘g‘risida yakdil fikr bildirdik”,— deya yozadi Mirziyoyeva.