Ijtimoiy tarmoqlarda futbol maydonida havaskor o‘yinchilar o‘zaro janjallashgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIB ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 29 may kuni taxminan soat 21.00 larda Shayxontohur tumani, “Jar“ o‘yingohida “Likesup“ loyihasi doirasida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yin yakunlanganidan so‘ng, 2004 yilda tug‘ilgan O.O‘. ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarini ko‘paytirish va ushbu o‘yinga ommani e’tiborni yanada ko‘proq jalb qilish (piar) maqsadida go‘yoki jamoalar o‘rtasida janjal kelib chiqqanligini sahnalashtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. “Likesup“ loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqqanligi va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lganligi uchun loyiha vaqtincha to‘xtatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan loyiha tashkilotchilari, ushbu janjalni sahnalashtirganlar va unda ishtirok etganlarning barchasining shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan.