Mashhur amerikalik milliarder va Tesla hamda SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask giyohvand moddalarni taxmin qilinganidan ham ko‘proq miqdorda iste’mol qilayotgani haqidagi ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘ldi. Bu haqda The New York Times nashri Maskga yaqin manbalarga tayanib xabar bermoqda, deya yozmoqda "Zamon.uz".
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 53 yoshli milliarder ketaminni ba’zida har kuni qabul qiladi, uni boshqa dorilar bilan aralashtirib, ba’zan esa shaxsiy ziyofatlarda ekstazi va psixotrop qo‘ziqorinlar bilan birga iste’mol qilgan. U bu odatni Trampning prezidentlik kampaniyasi vaqtida ham davom ettirgan.
Maskning giyohvandlikka moyilligi u bilan ishlayotgan mutaxassislar va kompaniyalarga xavotirli holat sifatida taqdim etilmoqda. Xususan, uning ruhiy holati notekis, tajovuzkorlik va tez-tez kayfiyat o‘zgarishi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarning mavjudligidan darak beradi.
Ilon Mask avvalroq ketaminni shifokorlar tavsiyasi bilan ruhiy tushkunlikni davolash maqsadida qabul qilayotganini ta’kidlagan va noqonuniy moddalarni muntazam iste’mol qilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, Mask hozirda 387 milliard dollar boyligi bilan dunyoning eng boy odami hisoblanadi.