Microsoft asoschisi Bill Geyts boyligining asosiy qismini keyingi 20 yil ichida Afrikada sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlarini yaxshilashga sarflamoqchi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Milliarder Efiopiya poytaxti Addis Abebada nutq so‘zladi. U Afrikaning yosh innovatorlariga qit’ada sog‘liqni saqlashni yaxshilash uchun sun’iy intellekt (SI)ni ishga solish taklifini bergan.
Geyts jamg‘armasining ta’kidlashicha, Afrika bo‘yicha 3 ta ustuvor vazifa belgilab olingan: 1) onalar va chaqaloqlar o‘liminining oldini olish; 2) keyingi avlodning halokatli yuqumli kasalliklardan aziyat chekmasdan o‘sishini ta’minlash; 3) millionlab odamlarni qashshoqlikdan olib chiqish.
May oyida Geyts boyligining 99 foizini hayriya qilishini e’lon qilgandi. Uning boyligi 2045 yilga kelib 200 milliard dollarga yetishi prognoz qilingan. Forbes reytingiga ko‘ra, uning boyligi 2025 yilda 115,1 milliard dollarni tashkil etadi.
Mozambikning sobiq birinchi xonimi Grasa Machel bu e’lonini olqishlab, “ayni inqiroz paytida yordam” bo‘lishini aytgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati Afrikaga ko‘rsatilayotgan yordamni, jumladan, OIV/OITS bilan kasallangan bemorlarni davolash dasturlarini qisqartirgan. Bu esa qit’adagi sog‘liqni saqlashning kelajagi haqida xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.