AsosiyJamiyat

Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizchalarni qutqarib, halok bo‘lgan fuqaro mukofotlandi

Bu haqda Prezident farmoni imzolandi.

'Bo‘rijarda cho‘kayotgan qizchalarni qutqarib, halok bo‘lgan fuqaro mukofotlandi'ning rasmi

Joriy yilning 5 may kuni Toshkentning Bo‘rijar kanaliga ikki qiz tushib ketgani va ularni qutqarishga kanalga tushgan 43 yoshli Abdumannop Samiqov cho‘kib ketgandi va halok bo‘lgandi. Ushbu marhum fuqaro va qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan “Bo‘rijar” sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni Prezident farmoni imzolandi.

Qayd etilishicha, Davlat rahbari bu jasorat tarixini yuragiga yaqin olib, avvalo, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi.

“Yakkasaroy tumanida yashovchi ikki nafar qizaloq kanalga tushib ketdi. Buni ko‘rgan mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov o‘zini suvga tashlab, norasidalar hayotini saqlab qoldi. Lekin, afsuski, baxtsiz hodisa ro‘y berdi – bu ezgulik yo‘lida uning o‘zi qahramonlarcha halok bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu fidoyilik bejiz emas – Abdumannop Samiqov hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson edi.

Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, vatan qahramonlariga hurmat ko‘rsatish borasidagi e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi”, deya yozgan Prezident matbuot kotibi.

    Boshqa yangiliklar