So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalarida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan “Humans Mobile PTE LTD” kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, rostdan ham, mazkur kompaniya 2025 yil 20 may kuni Jahon banki huzuridagi Investitsya nizolarini hal qilish xalqaro markaziga (ICSID) murojaat qilib, O‘zbekiston davlat organlari, shu jumladan Markaziy bank harakatlari bilan investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha 2003 yilda imzolangan xalqaro bitim buzilganini da’vo kiritgan.
Xalqaro markaz da’voni ish yurituviga qabul qilgan va hozirda ishni mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorgarlik jarayoni ketmoqda. Muhokama jarayonidan kelib chiqib, keyinroq qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Maroqand” to‘lov tashkiloti orqali fuqarolarning pullari qimor kabi man etilgan xizmatlarga o‘tkazilgani aniqlangan. Shu sababli, 2024 yil 25 sentyabrdan boshlab ushbu tashkilotning ayrim xizmatlari 6 oyga cheklangan va holat yuzasidan tegishli organlarga hujjatlar topshirilgan.