Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi. Bu haqda Termiz shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan yuborilgan ushbu insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
«Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi», — deyiladi xabarda.