Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi bosqichini e’lon qildi. “Yevrokomissiya” rahbari Ursula fon der Lyayen Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar qilishicha, Rossiya neftining narx chegarasi 60 dollardan 45 dollargacha tushiriladi. Shu bilan birga, Rossiya xom neftini qayta ishlash mahsulotlarining importi ham taqiqlanadi.
Yangi paket doirasida Rossiyaning 77 ta “soya floti” kemasiga qarshi sanksiyalar joriy qilinadi. Bundan tashqari, “SWIFT” tizimi orqali tranzaksiyalarni cheklash maqsadida yana 22 ta rossiyalik va xorijiy bank qora ro‘yxatga kiritiladi.
Fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiyaning harbiy yo‘nalishga bog‘langan iqtisodiy modeli global xavfsizlikka tahdid solmoqda. “Rossiya faqat kuch tilini tushunadi. Bu urush tugashi kerak va Moskva muzokara stoliga jiddiy niyat bilan o‘tirishi shart”, — deydi u.
Neft narxini pasaytirish bo‘yicha qaror G7 davlatlarining yakdilligi bilan kuchga kiradi. AQSH bilan hamkorlikda harakat qilinganda, sanksiyalarning ta’siri sezilarli darajada ortishi kutilmoqda.
Yangi choralar Yevroittifoqning Rossiyaga nisbatan bosimini oshirish va harbiy harakatlarni iqtisodiy jihatdan to‘xtatishga urinishining navbatdagi bosqichi sifatida baholanmoqda.