AsosiyDunyo

“Yevangelistlar” Yevropada harbiy xizmatdan bosh tortganlarga boshpana berilishini talab qilmoqda

Ular ayrim davlatlarda bosh tortganlar hanuz ta’qib qilinayotganini aytib, Yevropani inson huquqlariga sodiq bo‘lishga chaqirmoqda.

'“Yevangelistlar” Yevropada harbiy xizmatdan bosh tortganlarga boshpana berilishini talab qilmoqda'ning rasmi

Yevropaning ayrim davlatlarida harbiy majburiyat qayta joriy etilayotgan bo‘lsa-da, harbiy xizmatdan bosh tortish yoki muqobil fuqarolik xizmatiga oid masalalar muhokama qilinmayapti. Bu haqda Yevangelistik ishchi guruhi  — EAK (Evangelische Arbeitsgemeinschaft für Kriegsdienstverweigerung und Frieden) vakili, pastor Sabine Myuller-Langsdorf ogohlantirdi.

Bonn shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda EAK vakillari Yevropa Bo‘yicha Harbiy Xizmatdan Bosh Tortish Masalalari Byurosining (EBCO) so‘nggi hisobotini muhokama qildi. Unda keltirilishicha, Rossiya, Ukraina, Belarus, Gretsiya, Turkiya va Kiprda harbiy xizmatdan bosh tortganlar hanuzgacha ta’qibga uchramoqda.

Pastor Myuller-Langsdorfga ko‘ra, Germaniya va Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar bunday ta’qib ostida qolayotgan shaxslarni qabul qilib, ularga boshpana berishi shart.

EBCO o‘z bayonotida barcha Yevropa davlatlarini harbiy xizmatdan bosh tortish huquqini to‘liq tan olishga, shuningdek, bunday fuqarolarga muqobil fuqarolik xizmatini ta’minlashga chaqirdi.

Qayd etish joiz, ayrim Yevropa mamlakatlarida harbiy xizmatga chaqiruv qayta tiklanayotgan bir paytda, inson huquqlari himoyachilari bu boradagi huquqiy bo‘shliqlar va erkinliklar cheklanishidan xavotir bildirmoqda.

    Boshqa yangiliklar