Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus poytaxti Minskda rasmiy tashrifni Gʻalaba monumenti poyiga gulchambar qoʻyish marosimi bilan boshladi. Shuningdek, davlat rahbari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan norasmiy uchrashuv oʻtkazib, ertangi oliy darajadagi muzokaralar kun tartibini muhokama qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahriga keldi. Davlat rahbarini Minsk xalqaro aeroportida Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin, tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrifning birinchi tadbiri sifatida Prezident Mirziyoyev Gʻalaba monumenti poyiga gulchambar qoʻyib, Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga ehtirom koʻrsatdi. Marosimda harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi, faxriy qorovul askarlari tantanali marsh bilan oʻtdi.
Shuningdek, rasmiy tashrif dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko oʻrtasida norasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Belarus yetakchisi davlatimiz rahbarini samimiy qarshi olib, tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar 9 iyul kuni boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi muzokaralar kun tartibi yuzasidan fikr almashdi. Tomonlar tashrif arafasida oʻtkazilgan tadbirlar, xususan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi Hududlararo forum yakunlarini ham yuqori baholadi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 9 iyul kuni Minskdagi Mustaqillik saroyida boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston va Belarus yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.






