AsosiySiyosat

Qurilish oynalarini qayta ishlash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda

Qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qirg‘iziston tajribasi o‘rganilgan.

'Qurilish oynalarini qayta ishlash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda'ning rasmi

O‘zbekistonda qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ishlab chiqqan qonun loyihasini 1 iyul kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Parlamentda so‘zga chiqqan agentlik direktori Akmal Jumanazarovning aytishicha, O‘zbekistonda shisha chiqindilari hosil bo‘lishining yillik prognozi 408 ming tonnani tashkil etadi. 2024 yilda shundan atigi 9 foizi, ya’ni 37 ming tonnasi qayta ishlangan.

Jumanazarovga ko‘ra, qayta ishlanmayotgan shisha chiqindilari atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Qonun loyihasi bilan qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasini yaratish, qayta ishlashga sarflangan xarajatlarni qoplash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda”, – dedi Texnik tartibga solish agentligi rahbari.

Qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qirg‘iziston tajribasi o‘rganilgan. Loyiha beshta vazirlik-idoralar bilan kelishilgan, Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

105 nafar deputatning yoqlab ovoz berishi bilan, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. 4 deputat qarshi chiqdi, 5 nafari betaraf qoldi, quyi palataning 14 a’zosi ovoz bermadi.

    Boshqa yangiliklar