Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ikki yil ichida ilk marta telefon orqali muloqot qilishdi. Suhbat ikki soatdan ortiq davom etdi.
Fransiya tomonining rasmiy bayonotida aytilishicha, Makron yana bir bor mamlakatining Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan qat’iy qo‘llovini tasdiqlagan. U, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tezroq o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga chaqirgan.
Kreml saytida e’lon qilingan bayonotda esa Putin G‘arb davlatlarini Ukrainaga qurol yetkazib, urushni cho‘zayotganlikda ayblagan. U shuningdek, o‘zining an’anaviy ritorikasini takrorlab, mojaroni hal etish uchun “asosiy sabablarni bartaraf etish” va “joydagi real holat”ga tayanish zarurligini ta’kidlagan.
Ikki yetakchi Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar Eronning tinch atom dasturini rivojlantirish huquqini tan olishgan, biroq Eron yadro qurollarining tarqalishini oldini olish haqidagi xalqaro majburiyatlarga rioya qilishi lozimligi ta’kidlangan.
Putin va Makron fikr almashuvni davom ettirish maqsadida yana muloqot qilishga kelishib olishgan.