2025 yil 2 iyulidan boshlab, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshganda, ular to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlar davlat soliq organlarining xabarnomasi asosida yuridik shaxslar (soliq agenti) – ya’ni agregatorlar tomonidan to‘lov manbaida ushlab qolinadi. Bu haqda Davlat soliq xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda o‘zini o‘zi band qilgan 776,7 ming jismoniy shaxs yengil avtotransport vositasida yo‘lovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish yo‘nalishida ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritmoqda.
1 iyul holatiga mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlarni ko‘rsatuvchi 208 ta yuridik shaxs – onlayn taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiyalashgan. Ular orqali 430 mingdan ortiq haydovchi aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatmoqda. Ushbu agregatorlar tomonidan davlatga 89,6 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Shu bilan birga, ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida o‘zini o‘zi band qilgan 189 shaxsning yillik daromadi 100 mln so‘mdan oshgan.