Ijtimoiy tarmoqlarda "Kitob perevalda o‘ta katta yong‘in bo‘lyapti, olovni mana 3 kundan beri jilovlab bo‘lmayapti" sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 4 iyul soat 12:08 da Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, "Qaynar" MFY hududidagi qir, adirliklarda quruq o‘tlar yonganligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra voqea joyiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 13:00 da yetib borib, yong‘in soat 16:00 da o‘rab olingan va soat 17:00 da o‘chirilgan.
Ikkinchi xolatda yong‘in 6 iyul kuni ushbu hududda soat 00:20 da sodir bo‘lgan.
Hodisa joyiga yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 00:44 da yetib borib, yonayotgan qir, adirliklardagi yong‘in soat 00:50 da o‘rab olingan va soat 01:20 da o‘chirilgan.
Aytish kerakki ushbu yong‘in 3 kundan buyon emas, balki ikki hil vaqtda boshqa-boshqa kunlarda sodir bo‘lgan.
O‘z navbatida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolar, bloger va ijtimoiy tarmoq administratorlaridan aholi orasida sarosima ko‘tarmaslik maqsadida, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatmaslik, balki mavjud ma’lumot va axborotlardan unumli hamda oqilona foydalanishni so‘rab qoladi, deyiladi xabarda.