AsosiyJamiyat

6 oyda 103 ga birorta ham yolg‘on chaqiriq bo‘lmagan hudud ma’lum qilindi

Yolg‘on chaqiruv kelib tushgan eng kam va eng ko‘p viloyatlar aniqlandi.

'6 oyda 103 ga birorta ham yolg‘on chaqiriq bo‘lmagan hudud ma’lum qilindi'ning rasmi

Namanganda tez yordamga birorta ham yolg‘on chaqiriq bo‘lmadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning o‘tgan olti oyi davomida 103 xizmatiga jami 849 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushdi. Taqqoslash uchun, mazkur ko‘rsatkich 2024 yilning ayni shu davrida 1 255 tani tashkil etgan. Bundan ko‘rish mumkinki, ushbu turdagi murojaatlar soni kamayib bormoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2025 yilning yanvar—iyun oylarida eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Surxondaryo viloyatida kuzatilib, mazkur raqam 177 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda Qashqadaryo viloyati qayd etildi — 140 ta. Shuningdek, Samarqand viloyatidan 127 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Sirdaryo viloyatida ro‘yxatga olindi — 11 ta. So‘nggi olti oyda Namangan viloyatida tez yordamga birorta ham yolg‘on chaqiruv kelib tushmagan.

2025 yilning dastlabki 6 oyi davomida mamlakat bo‘ylab 103 xizmatiga jami 6 million 912 ming 243 ta chaqiriq kelib tushgan. O‘tgan yilning ayni shu davriga nisbatan bu yil murojaatlar soni 8,4 foizga oshdi. Bajarilgan chaqiruvlarning aksariyati, ya’ni 4 million 992 ming 108 tasi shoshilinch ko‘rsatma bilan, shuningdek, surunkali kasalliklar — 1 million 802 ming 348 ta, bemorlarni tashish — 66 ming 917 ta va tug‘ruqlar — 50 ming 870 tani tashkil qildi.

Eng ko‘p murojaatlar:

  • Toshkent shahri — 718 ming 819 ta;
  • Farg‘ona viloyati — 681 ming 580 ta;
  • Surxondaryo viloyati — 661 ming 767 ta;
  • Namangan viloyati — 647 ming 493 ta;
  • Andijon viloyati — 642 ming 366 ta qayd etilgan.

Eng kam chaqiriq Navoiy viloyati (199 ming 930 ta), Sirdaryo viloyati (221 ming 407 ta) va Jizzax viloyati (267 ming 669 ta) kuzatildi.

Ma’lumot uchun hozirgi kunda “Tez yordam” xizmatida jami 2 857 ta tibbiy brigada faoliyat yuritmoqda.

    Boshqa yangiliklar