Pokiston va Germaniya o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat kuchaymoqda. Buning sababi — Germaniyaga borish uchun ruxsatnoma olgan, ammo Islomobodda qolib ketgan 2 500 dan ortiq Afg‘oniston fuqarosining taqdiriga bog‘liq.
2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng, Germaniya mazkur afg‘onlarni qabul qilishga va’da bergan edi. Biroq hujjatlarni tekshirish jarayoni cho‘zilib ketgani sabab, ko‘plab afg‘onlar Pokistonda vizasi tugagan holda qolib ketgan, deya yozmoqda "zamon.uz".
WELT nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyaning migratsiya ishlari bo‘yicha federal idorasi va politsiyasi hujjatlarni tekshirishni sekin amalga oshirmoqda — o‘rtacha kutish muddati 8 oyga cho‘zilmoqda.
Pokiston esa bu vaziyatga ko‘z yumolmay, Germaniyaga afg‘onlarni olib chiqish uchun ikki marta muddat belgilagan. So‘nggi muddat — 30-iyun kuni yakunlangan. Shu bilan birga, rasmiylar afg‘onlar yashayotgan uylarga reyd uyushtirmoqda.
Taxminan 150 nafar shaxs deportatsiya markazlariga yuborilgan. Ularning ayrimlari Germaniya aralashuvi bilan ozod qilingan, biroq vaziyat hali ham keskinligicha qolmoqda.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi afg‘onlarni deportatsiya qilishni to‘xtatish maqsadida muzokaralar olib bormoqda.