Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda transformator budkasi ichida 4 yoshli qizchani tok urgani aytilgan videoxabar tarqaldi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Andijon viloyat filialining ma’lum qilishicha, 13 iyul kuni Andijon tumanidagi aholi punktlaridan birida joylashgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida 35/04 kV kuchlanishli va 1000 kVA quvvatli transformator podstansiyasida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, qizaloqning mushugi eshik tirqishidan yerto‘laga yugurib kirib, yuqori kuchlanishda ishlayotgan transformatorning ichiga kirgan va qisqa tutashuv sodir bo‘lgan. Chaqnash vaqtida eshik ortidan mushukni kuzatib turgan qizchaning yuzi kuygan.
Qayd etilishicha, qizchaga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.