AsosiyJamiyat

Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga 5,2 mlrd so‘mlik tilla buyumlarni olib kirishga uringan fuqaro ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan.

'Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga 5,2 mlrd so‘mlik tilla buyumlarni olib kirishga uringan fuqaro ushlandi'ning rasmi

Farg‘ona viloyatida Qirg‘izistondan noqonuniy ravishda katta miqdorda zargarlik buyumlarini olib kirishga urinayotgan shaxs DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati Darakchi.uz' ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, “Vodil avto” chegara bojxona postida Farg‘ona hududiga kirib kelayotgan paytda Andijon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida shaxs o‘z kiyimlari ostidan jami 859 dona turli xil zargarlik buyumi va 1 dona qo‘l soatini yashirincha olib o‘tishga uringani aniqlangan.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, kimyoviy tarkibi toza oltindan iborat, brilliant toshlar bilan bezatilgan ushbu buyumlarning umumiy og‘irligi 4 kg 155 grammni, bozor qiymati esa 5 milliard 213 million so‘mni tashkil etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qimmatbaho buyumlar Turkiyadan Qirg‘iziston orqali olib kelinib, Andijon va Farg‘onadagi taxminan 10 nafar savdogar nomidan O‘zbekistonga kiritilishi rejalashtirilgan. Qo‘lga tushgan shaxsga bu uchun 400 AQSH dollari miqdorida xizmat haqi va’da qilingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi (Bojxona nazoratidan chetlab o‘tish orqali qimmatbaho tovarlarni noqonuniy ravishda olib kirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qimmatbaho buyumlarning haqiqiy egalari aniqlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar