NATO Rossiyadan harbiy tahdid bo‘lgan taqdirda Qaliningrad viloyatini tezkor ravishda yo‘q qilishga qodir ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AQSHning Yevropa va Afrikadagi quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Kristofer Donaxu Defence News nashriga bergan intervyusida bayon etdi.
Uning ta’kidlashicha, Litva va Polsha o‘rtasida joylashgan ushbu hudud alyans uchun ustuvor strategik nuqta hisoblanadi. “Bu shunchaki harbiy maqsad emas, u eng qisqa vaqt ichida yo‘q qilinishi mumkin bo‘lgan nishondir. NATO kuchlari uni tarixdagi har qanday davrdan ko‘ra tezroq yer yuzidan yo‘q qila oladi”, — deydi general Donaxu.
AQSH generalining ushbu bayonoti Moskva va NATO o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchayishi mumkinligidan dalolat beradi. Ayniqsa, Ukrainadagi urush fonida bunday strategik tahdidlar ikki tomonlama munosabatlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi kutilmoqda.
Qaliningrad viloyati Rossiyaning Yevropa markazidagi eksklavi bo‘lib, bu hududda Rossiya armiyasining zamonaviy qurol-yarog‘lari, jumladan, yadro salohiyatiga ega raketa tizimlari joylashgani ma’lum.