Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi, 18-cheklovchi choralar paketini joriy qildi. Tegishli hujjatlar 18 iyul, juma kuni kechqurun Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etildi. Natijada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kuchga kirdi.
Yana 22 ta Rossiya banklari, tankerlari va Rossiya suveren investitsiya fondi, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya fondi (RDIF) ham cheklovlarga duchor bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti narxini bir barrel uchun 47,6 dollargacha pasaytirdi va “Shimoliy oqim” bilan har qanday bitimlarni taqiqladi.
Cheklov choralari kiritilgan banklar qatoriga T-Bank, Bank Sankt-Peterburg, Dom.RF, Yandex Bank, Ozon Bank va Surgutneftegazbank kiradi. Ular SVIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzilmaydi, biroq tranzaksiyalarni taqiqlash ularga nisbatan qo‘llaniladi.
Shaxsiy sanksiyalar
Cheklovlar taniqli rossiyalik rejissyor va «Mosfilm» kinokompaniyasi bosh direktori Karen Shaxnazarov, Vernadskiy nomidagi Qrim federal universiteti rektori Vladimir Kuryanov, anneksiya qilingan Qrim madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Olga Burova va Hududlarni rivojlantirish jamg‘armasining sobiq bosh direktori Ilshat Shagiaxmetovga tegishli.
Ro‘yxatda Xitoy, Hindiston va Eron fuqarolari bo‘lgan 14 nafar shaxs bor.