AsosiyJamiyat

O‘zbekistonliklar uchun  IT qay darajada muhim?

O‘zbekistonda 97 foiz aholi raqamli ko‘nikmalarni muvaffaqiyat kaliti deb biladi.

'O‘zbekistonliklar uchun  IT qay darajada muhim?'ning rasmi

Bugun, 21 iyul kuni poytaxtda “IT va raqamli ta’limni rivojlantirish forumi” bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida IT sohasidagi dolzarb muammolar muhokama qilinib, “O‘zbekistonda IT va raqamli ta’lim landshaftini yaxshilash” loyihasi doirasida o‘tkazilgan yirik tadqiqot natijalari e’lon qilindi.

Forumda taqdim etilgan so‘rovnoma natijalari e’tiborga molik: mamlakat bo‘ylab 4 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etgan tadqiqotda respondentlarning 97 foizi raqamli ko‘nikmalarni ish unumdorligining asosiy omili, deb hisoblagan. 96 foiz esa IT sohasiga qiziqishini bildirgan.

Ishtirokchilar o‘z raqamli savodxonligini quyidagicha baholagan:

— A’lo – 17 foiz

— Yaxshi – 44 foiz

— Qoniqarli – 32 foiz

Bundan tashqari,  57 foiz har hafta videoaloqa vositalaridan foydalanishini, 78 foiz esa har oy elektron hukumat xizmatlaridan foydalanishini bildirgan.

Onlayn xarid qilish bo‘yicha esa natijalar quyidagicha: 52,4 foiz  – oyiga 2-3 marta xarid qiladi. 25 foiz – yiliga 2-3 marta, 22 foiz – umuman foydalanmaydi.

Forumda IT Education Association va Shveysariya taraqqiyot agentligi (SDC) hamkorligida tayyorlangan “Kelajak kasblari atlasi” taqdim etildi. Unda mehnat bozori tahliliga asoslangan 45 ta istiqbolli IT kasb keltirilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, bu atlas yoshlarga, ota-onalarga va ta’lim muassasalariga yo‘naltiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Forumda yana bir muhim yangilik sifatida — bepul IT ta’lim resurslari, kasbiy yo‘naltirish va tadqiqot ma’lumotlarini birlashtiruvchi DigiSurvey.uz platformasi taqdim etildi.

    Boshqa yangiliklar