O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya 22 iyul kuni Afg‘oniston poytaxti Kobulga bordi. Delegatsiya bu yerda Tolibon harakatining Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchisi, mulla Muhammad Yoqub bilan uchrashdi.
Tolibonning rasmiy reliziga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston tomon Afg‘onistondagi “xavfsizlik holati va iqtisodiy taraqqiyot”dan mamnun ekanini bildirgan. Suhbatda chegara hamkorligi va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingani aytiladi.
Uchrashuvda Qurbonovdan tashqari, DXX raisining o‘rinbosari Farrux Muxtorov va chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Salimjon Hasanov ham ishtirok etgan.
Tolibon matbuot xizmati O‘zbekiston hukumatining “xalqaro maydonlardagi ijobiy pozitsiyasi”ni tilga olib, ikki davlat aloqalari “kengayib borayotganini” ta’kidlagan.
Bu orada, na O‘zbekiston tomoni, na boshqa mustaqil manbalar hozircha uchrashuv tafsilotlari yuzasidan izoh berganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng ular bilan muloqotni uzmagan, afg‘on muammosida nisbatan betaraf pozitsiyani saqlab kelayotgan kam sonli davlatlardan biridir.