AsosiyDunyo

Netanyaxuga suiqasd uyushtirildi

Gumonlanuvchi sifatida 70 yoshli ayol qo‘lga olingan.

'Netanyaxuga suiqasd uyushtirildi'ning rasmi

Isroillik keksa ayol Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga suiqasd uyushtirishda gumonlanib, Shin Bet xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olindi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, ertaga, 24 iyul kuni ayolning sudi bo‘lib o‘tadi. U terrorchilik harakatini amalga oshirishga til biriktirishda ayblanmoqda.

Aytilishicha, gumonlanuvchi 70 yoshdagi ayol hukumatga qarshi namoyishchi bo‘lib, u oilasi bilan suhbatda “Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni o‘ldirish niyatini bildirgani” va unga granata bilan hujum qilishni rejalashtirgani uchun hibsga olingan.

“Yedioth Ahronoth” nashrining yozishicha, ayol norozilik harakatining boshqa faollariga murojaat qilib, qurol olishga uringan, shuningdek, Netanyaxuning xavfsizligi qanday tashkil etilganini bilib olgan.

Huquq-tartibot idoralariga uning niyati haqida ma’lumot kelib tushganidan so‘ng, gumonlanuvchi Shin Bet tomonidan qo‘lga olingan. Ayol so‘roq qilish uchun Og‘ir va xalqaro jinoyatlarni tergov qilish milliy boshqarmasiga olib ketilgan. U aybini qisman tan olgan.

Ayolning yoshi, sog‘lig‘i va shaxsiy sharoitlarini inobatga olgan holda, o‘sha kunning o‘zidayoq cheklangan shartlar ostida qo‘yib yuborilgan. Profilaktika chorasi sifatida gumonlanuvchiga Bosh vazir va davlat muassasalariga yaqinlashishi taqiqlangan.

    Boshqa yangiliklar