AsosiyJamiyat

Mo‘ynoqda katta bosimda gaz sizib chiqdi

Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.

'Mo‘ynoqda katta bosimda gaz sizib chiqdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida gaz sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 26 iyul kuni Mo‘ynoq tumanining “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatilgan. Bu quduq – ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.

Vazirlikka ko‘ra, gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lgani sababli barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.

“Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi”, deyiladi bayonotda.

Energetika vazirligi ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sog‘lig‘ini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qo‘yilganini ham qayd etgan.

“Hech kim tan jarohati olmagan. Shu sababli odamlardan vahimaga tushmasliklarini so‘raymiz. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar