“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabariga ko‘ra, bugun, 30 iyul kuni soat 16:09 da Qoraqalpog‘istondagi “Baday” va “Beruniy” stansiyalari oralig‘ida joylashgan 592-kilometrda KamAZ yuk mashinasi va yo‘lovchi poyezdi to‘qnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasidan o‘tishga uringan. Bu vaqtda kesishmadan Andijon – Qo‘ng‘irot yo‘nalishida harakatlanayotgan, 150 nafar yo‘lovchisi bor poyezd o‘tayotgan bo‘lgan.
Yuk mashinasi poyezdga urilib, natijada teplovoz relsdan chiqib ketgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Poyezd yo‘lovchilari 6 ta avtobusda Nukus va Qo‘ng‘irotga jo‘natilgan.
IIVning Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti ma’lumotiga ko‘ra, poyezdning texnik shikastlari soat 17:29 da bartaraf etilgan va u “Beruniy” bekatigacha harakatini davom ettirgan.