Urush harakatlarida qatnashgan va yollanma jangchilikda ayblangan yana bir O‘zbekiston fuqarosi jazolandı.
Ish materiallariga ko‘ra, 25 yoshli ayblanuvchi 2021 yilda ish izlab Rossiyaga yo‘l olgan. 2022 yil fevralda uning qarindoshi unga "engil" ish va yaxshi maosh taklif qiladi. Shu maqsadda ular Moskvadan Tulaga yo‘l olishadi. Yo‘lda hujjatlar va shaxsiy tintuv tekshiruvi paytida qarindoshidan geroyin topiladi. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, undan hech narsa topilmagan bo‘lsa-da, uni ham aybdor deb topishgan va 10 yilga ozodlikdan mahrum etishgan.
Koloniada bo‘lganida muassasa xodimlari unga jang harakatlarida qatnashgani uchun 1,8 million rubl va fuqarolik berishni muntazam taklif qilib turgan. Bosimga dosh berolmay, 2024 yil oktyabrda u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. 2025 yil yanvarida esa Donetsk viloyati Toretsk shahri atrofidagi jangovar harakatlar paytida granata parchasi bilan yarador bo‘lgan.
U Donetsk gospitaliga yetkazilgan. Oradan vaqt o‘tib, boshqa shifoxonaga olib ketilayotganida qochib ketgan. Moskvaga yetgach, O‘zbekiston elchixonasiga borib, vatanga qaytishda yordam so‘ragan.
O‘lkaga qaytib kelgach, u ixtiyoriy ravishda ichki ishlar organlariga murojaat qilib, jangovar harakatlarda ishtirok etganini ma’lum qilgan.
Kattaqo‘rg‘on tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi fuqaro M.K.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-modasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.