Davlat rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida futbolga alohida to‘xtalib “Navbahor”ning har bir o‘yini – shahar uchun katta bayram ekanligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar berdi.
“Namangaga kelib, futbol haqida gapirmasak bo‘lmaydi. Namangalik yoshlar uchun futbol shunchaki o‘yin emas, bu – hayot tarzi. Har bir bola mahallada to‘p tepib katta bo‘ladi. “Navbahor”ning har bir o‘yini – shahar uchun katta bayram”, — deydi davlat rahbari.
Shuningdek, yaqinda “Navbahor” futbol maktabini uch yil muddatga Niderlandiyaning mashhur “Ayaks” futbol akademiyasi boshqaruviga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Ushbu akademiyaning 11 nafar murabbiy, skaut va metodistlari Namangaga olib kelingan.
Prezidentimiz kelajakda bu akademiyada dunyoning "top" klublarida o‘ynaydigan, jahon chempionatlarida o‘z mahoratini namoyon qiladigan ko‘plab futbolchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirgan.
Yig‘ilish davomida hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlarning namunali tajribalari ko‘rib chiqilgan.