Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Daraqchi.uzga DXX matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tumanlardan biridagi filiali boshlig‘i tuman hokimligi tomonidan o‘zining turmush o‘rtog‘i nomiga sotish huquqisiz, ijara shartnomasi asosida ajratilgan 42 sotix yer maydonini xaridorga sotib, keyinroq hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qilgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida ham Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro kadastrlar palatasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali kadastr muhandisi bilan til biritirib, o‘zi tomonidan noqonuniy egalab olingan, aslida Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini xaridorga 200 mlm so‘mga sotishga va 4 mlm so‘m evaziga uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga kelishgan. Fuqaro 200 mlm so‘mni, kadastr muhandisi esa 15 mlm so‘mni olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Huddi shunday, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi o‘zganing nomida bo‘lgan 15 sotix maydondagi yakka tartibdagi turar-joyni va unga tutash joylashgan davlat zaxirasidagi 1 gektar 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 150 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.