Qozog‘iston Energetika vazirligi yoqilg‘i eksportiga taqiq kuzatilayotgani hamda benzin O‘zbekistonga ham, boshqa davlatlarga ham yetkazib berilmayotganini aytdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, vazirlik 2025 yilning bahorida O‘zbekistonga ortiqcha AI-92 benzini yuborilgan bir voqeani eslagan. O‘shanda saqlash joyi bo‘lmagan “ortiqcha” benzin O‘zbekistonga sotilgan. Vazirlikning iddao qilishicha, benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq mamlakatdagi yoqilg‘i zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan. Yoz boshiga kelib, AI-92 zaxiralari qariyb 70 foizga, dizel zaxirasi esa 78 foizga oshdi. Hozirgi vaqtda yoqilg‘i bozori barqaror, taqchillik yo‘q.
“Bu standard xalqaro amaliyot bo‘lib, saqlash joylarini optimallashtirish imkonini beradi va byudjetga qo‘shimcha soliq tushumlarini keltirib chiqargan edi”, deyiladi xabarda.
Qozog‘iston 19 may kuni benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlagan edi. Ushbu cheklovlar olti oy davomida amal qiladi. Vazirlikning yozishicha, neftni qayta ishlash zavodini ta’mirlashdan oldin strategik zaxiralarni to‘plash maqsadida iyun oyidan boshlab eksport butunlay to‘xtatilgan.
22 sentabr kuni OAVda Qozog‘iston qo‘shni davlatlarga noqonuniy benzin eksporti tufayli yana yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berishda muammolarga duch kelishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Qozog‘iston benzini Rossiyadan import kamaygan bir paytda faol xarid qila boshlagani aytilgandi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sentabr oyidan boshlab AI-80 benzin ishlab chiqarishni to‘xtatgandi. 2026 yildan boshlab u faqat yuqori oktanli – AI-92 va AI-95 benzini sota boshlaydi.
Qozog‘istonda 2025 yilning 1 yanvaridan benzin va dizel yoqilg‘isini Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YOIY) a’zo davlatlardan tashqariga olib chiqishga taqiq joriy etildi.






