DXX, IIBB va Bojxona hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan giyohvand moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, poytaxtda sotish bilan shug‘ullangan oila a’zolari ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus tadbirda Tojikistondan giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirib, sotishga uringan oila a’zolari qo‘lga olindi.
Tezkor ma’lumot asosida Toshkent viloyatining "Ohangaron – Piskent" yo‘nalishida harakatlangan "EQUINOX" rusumli avtomashina to‘xtatilib, unda bo‘lgan 1976 yilda tug‘ilgan ayol va uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li yashirincha qoldirilgan narkotik moddani olib ketish uchun yo‘lga chiqqanligi aniqlandi. Ularning telefonlarida tojikistonlik sheriklari tomonidan "Telegram" orqali geolokatsiya va fotosuratlar yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Tezkor tadbir davomida Piskent tumanida yo‘l chetida yashirilgan 4 kg 985 gr "gashish" ashyoviy dalil sifatida olindi. Qo‘shimcha ravishda ularning Olmazor tumanidagi uyidan 1 kg 124 gr "opiy" va 1 kg 976 gr "gashish" topildi.
Shu bilan birga, ayolning muqaddam sudlangan 1996 yilda tug‘ilgan yana bir o‘g‘li ham prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan JKning 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






