AsosiyJamiyat

Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va agrar sohani subsidiyalash bo‘yicha yangi rejalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish, shuningdek, agrar sohada subsidiyalarni ajratishning yangi mexanizmlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

'Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish va agrar sohani subsidiyalash bo‘yicha yangi rejalar muhokama qilindi'ning rasmi

Uchrashuv boshida joriy yilda sohaga yo‘naltirilgan moliyaviy resurslar va ularning natijalari haqida ma’lumot berildi. Yil davomida paxta va g‘alla yetishtirish, texnikalar xaridi hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun jami 29 trillion so‘m ajratilgani, bundan tashqari 2,35 trillion so‘mlik subsidiya berilgani qayd etildi.

O‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirgan xo‘jaliklarga 10 foizlik subsidiya berilishi natijasida 3 430 fermer 151 ming gektar maydonda ishlagan va 1,9 trillion so‘m mablag‘ tejagan. Shuningdek, kreditlarini muddatidan oldin qaytargan fermerlarga foizning bir qismi kompensatsiya qilingani tufayli 9 002 fermer jami 2,5 trillion so‘m kreditni oldindan yopgan.

Kelgusi yilda sohaga 34,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilinib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilish taklifi bildirildi. Agrotexnik tadbirlar, jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Yangi tizimda kreditlar "fermer intizomi"ga qarab belgilanishi taklif qilindi: moliyaviy intizomi yuqori xo‘jaliklarga foiz stavkasi pasaytirilgan holda berilishi, shundan kelib chiqib, kredit yukining yengillashishi ko‘zda tutilgan. O‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga ham mahsulot qiyomatining 10 foizi miqdorida subsidiya berish rejalashtirilmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, fermerlarning ishonchi va manfaatdorligini kuchaytirish agrar sohaning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi omil hisoblanadi. Shu bois, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bosqichma-bosqich kengaytiriladi.

22 noyabrdagi Farmonga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etilgan. Bugungi taqdimotda agentlik faoliyati, subsidiya ajratish jarayonini soddalashtirish va to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.

Hozirda berilayotgan 52 turdagi subsidiya yangi tizimda qisqartiriladi, inson omili kamaytiriladi va barcha jarayonlar "Agroportal" orqali boshqariladi. "Agrosubsidiya" axborot tizimi bir nechta idoralar ma’lumotlari bilan integratsiya qilinadi. 2026 yilda 1,3 trillion so‘mlik subsidiya davlat idoralari tomonidan proaktiv tartibda — talabgor arizasisiz berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Prezident moliyalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, subsidiya ajratish muddatlarini qisqartirish va barcha bosqichlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasini mutasaddidlarga topshirdi.

    Boshqa yangiliklar