Joriy yilning 11 dekabr kuni Bekobod tuman IYB Jinoyat qidiruvchi bo‘limida ishlovchi xodim Nexia-3 rusumli avtomashinada piyodani urib yubordi. Bu haqda Darakchi.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Oqibatda 43 yoshli erkak B.U. vafot etgan. Gumon qilinuvchi xodim jinoyatni yashirish maqsadida marhumning jasadini Sirdaryoga oqizib yuborgan.
Hodisa “Qoraquyli” MFY hududidan o‘tuvchi “Qorasuv—Bo‘ka—Bekobod” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan 12 dekabr kuni Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda gumon qilinuvchi shaxs qo‘lga olinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Marhumning jasadini topish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.






