Tokioda prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanaye Takaichining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda davlatlararo hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.
Yaponiya Bosh vaziri davlatimiz rahbarining usbu tashrifini har doimgidek yuqok ishonch va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixidagi muhim voqea deb atagan.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33-yil davomida Yaponiya O‘zbekistonning yaqin do‘sti, asosiy texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib, respublikada zamonaviy sanoat va energetika infratuzilmasini yaratish hamda inson resurslarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgani bildirildi.
Tovar ayirboshlash, investitsiylar hajmi va Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining barqaror o‘sayotgani qayd etildi.
“Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Kyoto Plaza”, “Balsom”, “Shikoku Electric” kabi yetakchi yapon kompaniyalari O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, deyiladi xabarda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan qo‘shma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab olgan.
Muzokaralarda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari”, iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yo‘nalishlarini qayd etgan. “Yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, o‘ta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sog‘ligni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani qayd etildi. Shuningdek, usbu loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari e’lon qilingan.
Yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Bir qishloq – bitta mahsulot” dasturining ko‘lamini kengaytirish taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Shu bilan birga, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish imkoniyatlari va yo‘llari, hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmogda. Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasi an’anaviy ravishda usbu ko‘p qirrali munosabatlarning muhim qismidir.
Yoshlarga kelgusida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashiga keng imkoniyatlar taqdim etayotgan O‘zbekiston – Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistondagi 7 ta oliy ta’lim muassasasida yapon tili o‘qitilmogda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildan buyon o‘zbek tili o‘rganilmogda.
Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmogda. Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani, hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.






