Bu mamlakatda Yangi yil Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da kirib keladi.
Kiribati — Yer sharining barcha yarimsharlarida bir vaqtda joylashgan nooddiy davlat hisoblanadi. Yangi yilni eng ilk bo‘lib mamlakatning sharqiy qismida joylashgan Layn orollari aholisi kutib oladi. U yerda sayyoradagi eng erta vaqt mintaqasi — UTC+14 amal qiladi. Shu bois bayram mushaklari va yangi yilning so‘nggi soniyalarini sanash boshqa hududlardan oldin boshlanadi.
Kiribatidan keyin Yangi yil Samoa va Tonga davlatlarida kirib keladi. Samoa UTC+13 vaqt mintaqasida joylashgan bo‘lib, 2011 yilda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida vaqt zonasini o‘zgartirgan. Bu mamlakatda Yangi yil okean bo‘yida an’anaviy raqslar va qo‘shiqlar bilan nishonlanadi.
Shu vaqt mintaqasida joylashgan Tongada esa poytaxt Nukualofada omma sayillar o‘tkaziladi, aholi bayram munosabati bilan uy-joylarini bezaydi.
Shundan so‘ng Yangi yilni Yangi Zelandiya aholisi qarshi oladi. Mamlakatning asosiy qismi yozgi vaqt hisobiga UTC+13, Chatem orollari esa UTC+13:45 vaqt zonasida joylashgan. Okland va Vellington shaharlarida minglab odamlarni jamlaydigan yirik mushakbozliklar tashkil etiladi.
Shuningdek, Fidji, Tuvalu, Nauru, Uollis va Futuna kabi Okeaniya davlatlari ham UTC+12 va UTC+13 vaqt mintaqalarida joylashgani sababli Yangi yilni dunyoda eng ilk kutib oluvchilar qatoriga kiradi.






