Yangi yildan boshlab tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida bir nechta xizmat ko‘rsatiladi, yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomi bilan faoliyat yuritishga ruxsat beriladi. Shuningdek, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi va “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi.
Ijtimoiy sohada ham qator yangiliklar bor: homiladorlik va tug‘ish nafaqasi proaktiv tarzda tayinlanadi, ayrim tibbiyot xodimlari hamda ular farzandlarining kontrakt to‘lovlari qo‘llab-quvvatlanadi. Maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga KPI natijalariga ko‘ra ustamalar beriladi.
Bundan tashqari, AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi, “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startup” tanlovi o‘tkaziladi, kambag‘al oilalarning a’lo baholarga o‘qiydigan farzandlari oromgohlarda bepul dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.






