Samarqandda 29 yoshli fuqaroning qorin bo‘shlig‘idan 200 gramm mix va “samorez” olib tashlandi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali xabar berdi.
Qayd etilishicha, muassasaga 29 yoshli fuqaro A.E. qorin sohasida kuchli og‘riq bilan keltirilgan. Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahllilariga ko‘ra bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda yot jismlar (mix va “samorez”) borligi aniqlandi.
Bemorda shoshilinch ravishda laparotomiya, gastrostomiya usulida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, qorin bo‘shlig‘idan mix va boshqa turdagi metal jismlar olib tashlangan. Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli qoniqarli.
Erkak qattiq stressga tushgani va o‘z xatti-harakatlarini nazoratga olmagan holda ushbu jismlarni yutgani aytilmogda.






