AsosiyJamiyat

“Musodara tovarlar” nomli soxta guruhlar orqali firibgarlik qilganlar qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida Telegram va Instagram’da bojxona nomidan soxta sahifalar ochib, fuqarolarni aldab kelgan jinoyiy guruh fosh etildi.

'“Musodara tovarlar” nomli soxta guruhlar orqali firibgarlik qilganlar qo‘lga olindi'ning rasmi

Toshkent viloyati IIBB ma’lumotiga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Telegram va Instagram’da “Musodara tovarlar” hamda “Optom sklad” nomlari ostida soxta kanal va guruhlar tashkil etib, firibgarlik bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Ular Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan chiqib, o‘zlarini tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.

Dastlabki tergovga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs arzon narxlarda maishiy texnika, gadjetlar va boshqa tovarlarni sotish va’da qilib, 60 nafarga yaqin fuqaroning ishonchiga kirgan. Natijada ular 117 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar