Sud hujjatlariga ko‘ra, mazkur ish 2025 yil 24 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudda S.B. aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U 2023 yil 1 may kuni ish izlab Rossiyaning Petropavlovsk-Kamchatskiy shahriga borganini, dastlab xususiy klinikada feldsher bo‘lib ishlaganini bildirgan.
Keyinchalik tanishlari orqali Rossiya Qurolli kuchlariga feldsherlar qabul qilinayotgani, xorijiy davlat fuqarolari ham ishga olinayotgani va oylik maosh 210 ming rubl ekani haqida ma’lumot olgan. Shundan so‘ng u harbiy xizmatga ariza topshirgan va Belgrad shahriga borish topshirig‘ini olgan.
S.B. suhbatdan so‘ng 11740-sonli harbiy qismga ishga qabul qilinib, ikki yil davomida harbiy gospitalda feldsher sifatida faoliyat yuritgan. Xizmat davomida unga Rossiya fuqaroligi, harbiy guvohnoma va harbiy jeton berilgan.
2025 yil iyul oyida O‘zbekistonda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bilgach, u 8-oktabr kuni ta’tilga chiqib, qilgan ishining noqonuniy ekanini anglab, jazoga tortilish uchun O‘zbekistonga qaytgan. Qaytishdan oldin Rossiya tomonidan berilgan hujjatlarni yo‘q qilgani ma’lum bo‘ldi.
Sud qaroriga ko‘ra, S.B. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






