Afg‘onistonda avvalgi yillardagi qurolli mojarolardan qolgan portlovchi snaryad va o‘q-dorilar tinch aholi hayotiga jiddiy xavf solmoqda, deya yozmoqda "zamon.uz".
Afg‘onistonning Kunar viloyatida sodir bo‘lgan bir nechta portlashlar oqibatida ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, sakkiz kishi esa turli darajadagi tan jarohatlari oldi.
Mahalliy manbalarga ko‘ra, Nur-Gul va Asmar tumanlarida fojiali hodisalar qayd etilgan. Xususan, Nur-Gul tumanida turar joylardan birida qo‘lda yasalgan portlovchi moslama portlashi oqibatida bir nafar bola halok bo‘lgan. Asmar tumanida esa yana bir portlash sodir bo‘lib, uning natijasida bir nafar ayol vafot etgan.
Viloyat politsiyasi xabariga ko‘ra, jarohatlanganlar zudlik bilan tibbiy muassasalarga etkazilgan, ayrim jabrlanuvchilarning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.
Ta’kidlanishicha, mintaqada o‘nlab yillar davom etgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida turar joy hududlari yashirin portlovchi vositalar bilan to‘lib ketgan. UNICEFning so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda har oy o‘rtacha 55 kishi urushdan qolgan portlovchi buyumlar tufayli halok bo‘lmogda. Qurbonlarning qariyb 85 foizini bolalar tashkil etadi.
Shuningdek, vaziyat viloyatlarda xavfsizlik bilan bog‘liq umumiy keskinlik fonida yanada murakkablashmoqda. Jumladan, shu hafta Taxor viloyatida oltin qazib olish bilan bog‘liq qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yana to‘rt nafar shaxs halok bo‘lgani ma’lum qilindi.






