Xitoy rasmiylari mamlakat kompaniyalariga AQSh va Isroilda ishlab chiqarilgan ayrim kiberxavfsizlik dasturlaridan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda masaladan xabardor manbalarga tayanib Reuters agentligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror milliy xavfsizlikka doir xavotirlar sabab qabul qilingan. Pekin G‘arb razvedka idoralari ushbu dasturlar orqali maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Taqiqlangan dasturlar orasida AQShning VMware, Palo Alto Networks, Fortinet hamda Isroilning Check Point Software kompaniyasi mahsulotlari bor. Umuman olganda, ro‘yxatga AQSh va Isroilning o‘nlab texnologik kompaniyalari kiritilgan.
Reuters’ning qayd etishicha, Xitoy hukumati bu ko‘rsatmani aynan nechta kompaniyaga yuborgani hozircha ma’lum emas. Internet nazorati idoralari va sanoat vazirligi ushbu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Agentlikka ko‘ra, Pekin G‘arb texnologiyalarini bosqichma-bosqich mahalliy ishlanmalar bilan almashtirishga intilmoqda. Bu qarorga AQSh bilan kuchayib borayotgan savdo va texnologik raqobat ham ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.






