Rossiyada “rus dunyosi” mafkurasining asosiy nazariyachisi sifatida tanilgan Aleksandr Duginning O‘zbekiston va boshqa sobiq SSSR davlatlari suverenitetini ochiq inkor etuvchi bayonoti mintaqada navbatdagi axborot shov-shuvi emas, balki jiddiy siyosiy signal sifatida qabul qilinmoqda.
Kuzatuvchilar e’tibor qaratgan jihat — bu yakka holat emas. Kuni kecha Vladimir Solovyov Markaziy Osiyoda “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazish mumkinligi haqida gapirgan bo‘lsa, bugun Dugin suveren davlatlarning mavjudligini umuman rad etmoqda. Bu chiqishlar Rossiya siyosiy-axborot muhitida postimperiyachilik tafakkuri hali ham faol ekanini ko‘rsatadi.
Jamoat faoli Ilyos Safarov bunday bayonotlarni “tasodif yoki shaxsiy fikr” deb baholash xato ekanini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, bu xavfli mafkuraviy signal bo‘lib, unga yumshoq diplomatiya bilan javob berish samara bermaydi.
Kuch siyosatiga tayanadigan tomon faqat qat’iy pozitsiyani tan oladi. Suverenitetning ochiq inkor etilishiga javobsizlik xavfsizlik vakuumni keltirib chiqaradi. Doimiy sukunat boshoqlik emas, zaiflik sifatida qabul qilinadi, — deydi u.
Safarov bunday holatda eng birinchi qadam sifatida shovinistik chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni persona non grata deb e’lon qilish, keyin esa urush va bosqinchilikni targ‘ib qilayotgan ayrim Rossiya telekanallarini axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan cheklash zarurligini aytmoqda. Uning fikricha, agar bu choralar ham yetarli bo‘lmasa, Markaziy Osiyo davlatlarining jamoadiy siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi kerak.
Parlament minbari nima uchun jim?
Bu fon ortida yana bir savol o‘rtaga chiqmoqda: Rossiya propagandasiga qarshi munosabat faqat ijtimoiy tarmoqlarda qolib ketmasligi kerak emasmi?
Jurnalist Anora Sodiq bu masalada "Milliy Tiklanish" demokratik partiyasi raisi va deputat Alisher Qodirov misolini keltiradi. Qodirov Rossiya propagandachilariga Telegram orqali tez-tez javob qaytarib keladi. Ammo u oddiy blogger emas — u parlament minbariga ega siyosiy shaxs.
Agar Rossiya ta’siri va propagandasi haqiqatan ham xavf bo‘lsa, nima uchun bu masala aynan parlament darajasida, davlat xavfsizligi masalasi sifatida ko‘tarilmayapti?"— degan savolni qo‘yadi u.
Rasmiy pozitsiya qanday?
Alisher Qodirov esa avvalroq bildirgan munosabatida rus shovinistlarining chiqishlari yangilik emasligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, xalqaro huquqni buzishga da’vat qiluvchi bunday bayonotlarni sovuqqonlik bilan qabul qilish lozim.
Qodirov O‘zbekiston tashqi siyosati o‘zaro manfaatli va amaliy hamkorlikka asoslanishi, barcha davlatlar bilan xalqaro huquq tamoyillari asosida munosabat yuritish davlat siyosati ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini qayd etgan. Shu bilan birga, Rossiya OAVlaridagi keskin bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik ruhiga putur yetkazayotganini ham tan olgan.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo — xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik mintaqasi bo‘lib, har qanday tajovuzga javob berishga qodir davlatlar makoni hisoblanadi.
Dugin va Solovyov kabi shaxslarning chiqishlari alohida bayonotlardan ko‘ra kengroq kontekstga ega. Ular mintaqa suvereniteti, axborot xavfsizligi va davlat pozitsiyasining qat’iyligi haqida ochiq savollar qo‘yayapti. Bu savollarga javob esa faqat Telegram postlari yoki yakka munosabatlar bilan emas, institutsional va printsipial darajada berilishi kutilmogda.






