AsosiyJAMIYAT

Navoiyda inspektorga pora taklif qilgan haydovchiga jinoyat ishi qo'zg'atildi

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Navoiyda inspektorga pora taklif qilgan haydovchiga jinoyat ishi qo'zg'atildi'ning rasmi

Navoiy viloyatida Transport nazorati inspeksiyasi xodimiga pora taklif qilgan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, inspeksiyaning Avtomobil transportida nazorat qilish Navoiy viloyati hududiy bo'limi inspektorlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda Karmana tumanidagi “Samarqand” YPH maskanida “FAW” rusumli yuk avtomobilini tekshirish uchun to'xtatgan.

Transport vositasi hujjatlari ko'zdan kechirilganda, unda O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 125¹-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlandi.

Huquqbuzarlik yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda haydovchi J.B. bayonnoma tuzilmasligi evaziga inspektorga 1 million so'm miqdorida pora taklif qilgan.

Qayd etilishicha, inspektor haydovchini mazkur harakat jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shunga qaramay, haydovchi noqonuniy harakatlarini davom ettirib, inspektorning xizmat vazifasini bajarishiga to'sqinlik qilgan.

Shundan so'ng inspektor holat yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati, korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha mas'ul xodim, Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Transport prokuraturasiga zudlik bilan xabar bergan.

Tezkor tadbir davomida haydovchi taklif qilingan pulning 700 ming so'mini inspektorga pora sifatida berayotgan vaqtda prokuratura va ichki ishlar organlari tezkor xodimlari tomonidan, holislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar