Andijon shahrida faoliyat ko`rsatayotgan “O’zErae Climate Control” O`zbekiston – Janubiy Koreya qo`shma korxonasida avtomobillar uchun sovutish radiatorlari, isitish, ventilyasiyalash va havoni kondisionerlash modullari ishlab chiqarilmoqda, deb yozadi O`zA.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida yurtimizda avtomobilsozlik sanoatiga asos solindi va u jadal rivojlandi. Avtomobillar uchun butlovchi qismlar etkazib beruvchi ko`plab hududiy korxonalar faoliyati yo`lga qo`yildi. Ayni paytda avtomobillarning butlovchi va ehtiyot qismlari asosan mamlakatimizda mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlanmoqda.
Andijon viloyatida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan turli mulkchilik shaklidagi 30 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro talab va me`yorlarga javob berishi, yuqori sifati bilan tobora xaridorgir bo`lib bormoqda.
2010 yilda tashkil etilgan “O’zErae Climate Control” O`zbekiston – Janubiy Koreya qo`shma korxonasiga ip-gazlama kombinatining bo`yoqlash va pardozlash fabrikasi binolari nol qiymatda berildi. Bino rekonstruksiya qilinib, “Asakabank”ning viloyat bo`limidan olingan 22,5 million dollar miqdoridagi kredit hisobidan Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy, moslashuvchan va yuqori texnologik mashina va jihozlar keltirib o`rnatildi. Avtomobillarning sovutish radiatorlari, isitish, ventilyasiyalash va havoni kondisionerlash modullari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada dastlabki yillarda faqat “Spark” avtomobili uchun 5 turdagi mahsulot tayyorlangan bo`lsa, keyingi yillarda mahalliylashtirish dasturi asosida “GM Uzbekiston” AJda chiqarilayotgan boshqa rusumdagi avtomobillar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish o`zlashtirildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turi ortdi. Ayni paytda bu erda “Spark", “Matiz”, “Damas”, “Nexia”, “Aveo”, "Lacetti”, “Cobalt” avtomobillarining sovutish, isitish, ventilyasiyalash va havoni kondisionerlash tizimlari uchun 40 dan ortiq turdagi butlovchi qismlar tayyorlanmoqda.
Qo`shma korxona bosh direktori Nodirjon Ahmedovning aytishicha, 2016 yilda 21 milliard 705 million so`mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi.
Xalqaro ISO 9001 va ISO/TS 16949 standartlari talabiga javob beruvchi sifat menejmenti tizimi joriy etilgan korxonada eksport hajmini oshirish, xorijiy hamkorlik ko`lamini yanada kengaytirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Korxonada mehnat qilayotgan 200 ga yaqin ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. Ularning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda mehnatni tashkil etishda ilg`or ish uslublarini qo`llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ishchi-xizmatchilarni munosib rag`batlantirish muhim omil bo`lmoqda.





