Qirg‘izistonning Talas viloyatida erkak xotiniga benzin sepib, uni yoqib yuborishga urinishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston viloyat politsiya boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 5 fevral kuni 27 yoshli ayol politsiyaga murojaat qilib, 2025 yil 15 oktyabr kuni turmush o‘rtog‘i bilan bog‘liq og‘ir zo‘ravonlik holati sodir bo‘lganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak sababsiz janjal ko‘tarib, uni uydan haydab chiqargan va keyin benzin sepib, yoqib yuborishga harakat qilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yil oktyabr oyida ichki ishlar organlariga turarjoyda yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan. Hodisa yong‘inlar jurnaliga qayd etilgan, guvohlar so‘roq qilingan. Dastlab yong‘in pechkani yoqish vaqtida benzin ishlatilgani sabab kelib chiqqan, deb baholangan. Oqibatda er-xotin ikkalasi ham kuyish jarohati olib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun o‘sha paytda so‘roq o‘tkazish imkoni bo‘lmagan.
Ayolning aytishicha, hodisadan keyin u uzoq vaqt qarindoshlariga ham, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ham murojaat qilmagan.
Takroriy arizadan so‘ng Jinoyat kodeksining 130-moddasi (og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.






