O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, uchrashuv chog‘ida Fransiya rahbariga ko‘rsatilgan e’tibor va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirilgan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy tilaklari Emmanuel Makronga yetkazilgan.
"Mamlakatlarimizni eng muhim strategik sohalardagi uzoq muddatli sheriklik munosabatlari bog‘lab turibdi. Kelgusida har ikki davlat uchun manfaatli bo‘lgan yana ko‘plab tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishimizga ishonaman", deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik strategik yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda va bu ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni amalga oshirishga xizmat qiladi.






