AsosiyJAMIYAT

Amudaryoda suv sathi nega keskin pasaydi?

Amudaryoning o‘rta va quyi oqimida suv miqdori so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli darajada kamaygan.

'Amudaryoda suv sathi nega keskin pasaydi?'ning rasmi

Olimlar fikricha, buning asosiy sababi iqlim o‘zgarishi emas, balki inson faoliyati bilan bog‘liq omillardir.

Bu haqda ScienceDirect jurnalida e’lon qilingan ilmiy tadqiqotda so‘z boradi.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, Amudaryo oqimining kamayishiga daryodan suv olish hajmining ortishi, sug‘oriladigan yer maydonlarining kengaytirilishi, kanallar, suv omborlari, nasos stansiyalari hamda suvning tabiiy harakatini o‘zgartiruvchi boshqa inshootlarning qurilishi asosiy omil bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Amudaryoning asosiy suv zaxirasi yuqori oqimdagi tog‘li hududlarda qor va muzliklar hisobiga shakllanadi. Biroq o‘rta va quyi oqimlarda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun katta miqdorda suv olinishi daryo oqimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, kuzatuv davrida havo harorati 0,51–0,83 darajaga oshgan, yog‘ingarchilik esa 6–13 foizga ko‘paygan. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi daryo oqimini 14–20 foizga oshirishi mumkin edi. Biroq inson faoliyati bu ta’sirni to‘liq yo‘qqa chiqarib, aksincha, suv oqimining keskin qisqarishiga sabab bo‘lgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Amudaryoning o‘rta va quyi qismida inson faoliyatining ta’siri 114–120 foizga baholangan. Yuqori oqimda esa suv miqdori 22 foizga kamaygan.

Eng katta pasayish Amudaryoning quyi qismida kuzatilgan. Xususan, Qiziljar hududida suv oqimi 1931–1950 yillarga nisbatan 77 foizga kamaygan. Turkmanistonning Kerki hududida esa ushbu ko‘rsatkich 22 foizni tashkil etgan.

Tadqiqot mualliflari uzoq muddatli istiqbolda muzliklarning qisqarishi Amudaryo suv zaxirasiga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, tadqiqotda qayd etilishicha, Amudaryo havzasidagi suv iste’molining taxminan 92 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, 1950–1990 yillarda sug‘oriladigan yer maydonlarining keskin kengayishi daryo suvidan foydalanish hajmini sezilarli darajada oshirgan.

    Boshqa yangiliklar