AsosiyJamiyat

“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi Barsa mukofotiga sazovor bo‘ldi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” multimediaviy ekspozitsiyasini amalga oshirgani uchun xalqaro texnologik kompaniya Barsco tomonidan nufuzli sohaviy mukofot bilan taqdirlandi.

'“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi Barsa mukofotiga sazovor bo‘ldi'ning rasmi

Loyiha madaniy makonda ilg‘or vizual echimlarni integratsiya qilishning texnologik va badiiy jihatdan puxta ishlangan eng yaxshi namunalaridan biri sifatida e‘tirof etildi. Ekspozitsiya keng ko‘lamli 3D mapping, immersiv shou va raqamli sahnalashtirishni uyg‘unlashtirib, tomoshabin mintaqa tarixi va intellektual merosiga to‘liq sho‘ng‘ish effektini yaratadi.

Loyihaning ijodiy kontseptsiyasi va vizual amalga oshirilishi butun dunyo bo‘ylab yirik multimediyaviy sahnaviy loyihalari bilan tanishgan xalqaro jamoa tomonidan bajarildi. Markaz texnik mutaxassislari bilan hamkorlikda jamoa ekspozitsiya uchun noyob audiovizual uslubni ishlab chiqdi, badiiy g‘oya va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirdi.

Loyiha doirasida yuqori texnologiyali Barco lazer proyektorlari qo‘llanilib, ular o‘ta yuqori yorqinlik, ranglarni aniq uzatish va tasvir barqarorligini ta’minlaydi. Bu orqali Markaz fasadi va ichki makonlari dinamik vizual maydonga aylanib, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini — buyuk allomalar davridan tortib mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichigacha — namoyish etadi.

“Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi davrlar izchilligini ifoda etib, madaniy va ilmiy tiklashning strategik qarashlarini aks ettiradi. Qo‘lga kiritilgan mukofot loyihaning yuqori saviyada amalga oshirilganini tasdiqlab, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatga ega zamonaviy madaniy-ilmiy platforma sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi.

Ma’lumot uchun, Markaz buyurtmasiga ko‘ra, Rossiyaning Sila Sveta kompaniyasi tomonidan yaratilgan mapping shou 25 daqiqalik ijodiy ish bo‘lib, 47 ta yorug‘lik texnikalari, taxminan 100 nafar ijodiy va texnik mutaxassis hamda 50 nafar grafik dizaynerning mehnati mahsuli. Ushbu loyiha texnologik jihatdan murakkab bo‘lishi bilan birga, markaz tomonidan taqdim etilgan tarixiy ma’lumotlar va ilmiy izohlari asosida shakllantirilgan. Har bir proyeksiya, rang, nur va musiqiy ohang O‘zbekiston ilm-fani, madaniy merosi va buyuk allomalarning izini aks ettiradi.

Showning eng kuchli ramzlaridan biri — Qur’oni karimning ochilish sah’nasi, "Iqro" surasining yangrashi. Proyeksiya paytida bino devorlari shaffoflashib, nur markazga kirib keladi va muqaddas kitobning tarixdan kelajakka uzatilayotgan ma’rifat ramzi sifatida yangicha badiiy talqini namoyon bo‘ladi. Shou markaziy e’tiborini inson va uning ilmiy merosiga qaratadi. Proyeksiya orqali O‘zbekiston tarixida iz qoldirgan buyuk shaxslar, jumladan Ibn Sino, Xorazmiy, Imom Buxoriy, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek kabi siymolar aks ettiriladi. Qur’oni karimdan olingan ramziy sah’na tarix va ma’naviyatning uzviy bog‘liqligini ifodalaydi, markaz devorlari go‘yo yorishib, nur ichkariga kiradi va sah’na orqali tarixni jonli his etish mumkin bo‘ladi.

Hozircha mapping shou Xorazm portalida tajriba tarzida namoyish etilmoqda. Bu hudud tanlanishi bejiz emas, chunki Xorazm qadimdan ilm, madaniyat va san’at markazi bo‘lgan. Tajriba davomida olingan kuzatuvlar va texnik natijalar asosida mapping shou yanada takomillashtiriladi. 

Ushbu mapping shou tomoshabinlarga tarixni his qilish, o‘z tarixini anglash va madaniyatimiz boyligini zamonaviy talqinda ko‘rish imkonini beradi. Loyiha tarix va texnologiyani uyg‘unlashtirgan holda markaz uchun yangi innovatsion bosqich sifatida baholanmoqda va kelajakda yana bir qator yangiliklar joriy etilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar