“T24” xabariga ko‘ra, 2024 yil 28 yanvar kuni sodir bo‘lgan hujumda niqobli ikki shaxs ibodat vaqtida cherkovga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 52 yoshli Turkiya fuqarosi Tuncer Jihan halok bo‘lgan. Cherkov ruhoniysining aytishicha, hujumchilardan birining quroli ishlamay qolgani sababli qurbonlar soni ko‘payib ketmagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujum uchun javobgarlikni “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan. Hujumni bevosita amalga oshirganlar sifatida tojikistonlik Amirjon Holikov va rossiyalik David Tanduyev ko‘rsatilgan. Ular bu ishni “Adam Abu-Darrar ash-Shishani” laqabli tojikistonlik Adam Hamirzayevning ko‘rsatmasi bilan bajargani aytilmogda.
Sud ularni “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga urinish” va “qotillikni og‘irlashtiruvchi sharoitlarda qasd qilib o‘ldirish” moddalarida aybdor deb topib, har bir modda bo‘yicha umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, “qasd qilib o‘ldirishga urinish” bo‘yicha yana 143 yil qamoq jazosi belgilandi.
Mazkur ish doirasida yana besh nafar Tojikiston fuqarosi — Shamsullo Rajabov, Alisher Rahimov, Farruh Soliyev, Abdulaziz Abdullayev va Rasul Ahmadjanov ham aybdor deb topildi. Ularga jami 101 yil 6 oy qamoq jazosi tayinlandi.
Ish bo‘yicha yana ikki shaxs — Isminali Mirzohonov va Edelxan Inajayev qurolli terror tashkilotiga a’zolikda aybdor deb topilib, har biri 6 yil 3 oyga qamaldi. Sud 31 nafar ayblanuvchini esa oqladi.






